Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

“Zo‘r!” (“Klass!”) loyihasi

Rus tilini o‘qitishda yangi bosqich: Navoiyda “Zo‘r!” (“Klass!”) loyihasi doirasida samarali hamkorlik davom etmoqda.

Ta’lim sifatini oshirish — har bir pedagogning oldiga qo‘ygan asosiy maqsadidir. Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining rus tili fani o‘qituvchilari uchun “ZO‘R!” (“KLASS!”) loyihasi doirasida qizg‘in ilmiy-metodik hamkorlik ishlari olib borilmoqda.

Rus tili o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan ushbu jarayonda A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti metodisti Nuriya Iksanova hamda Markazning Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, dotsent Rahima Usmanova hamkorligida seminar-treninglar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Tinglovchilarga uchta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha muhim metodik yordam ko‘rsatildi.

Matnlar ustida ishlash va o‘qish savodxonligi: O‘quvchining matn mazmunini chuqur anglashi, asosiy hamda qo‘shimcha axborotni farqlashi, o‘qishdan oldingi, o‘qish jarayonidagi va undan keyingi bosqichlarni uyg‘unlashtirish ko‘nikmalari o‘rgatildi.

Innovatsion baholash usullari: O‘quv jarayonini kuzatish, o‘quv qiyinchiliklarini o‘z vaqtida aniqlash, formativ baholash hamda rivojlantiruvchi qayta aloqa berishning zamonaviy usullari tahlil qilindi.

XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantiruvchi ta’lim muhiti: Rus tilini chet tili sifatida o‘rganish darslarida muloqot, hamkorlik, tanqidiy fikrlash va ijodkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi faol muhit yaratish usullari yoritildi.