O‘qitish metodikasi o‘zgarmasa, ta’lim sifati ham o‘zgarmaydi: Navoiyda yangi avlod mentorlarini tayyorlash boshlandi
⭐️Darhaqiqat, bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan davr har bir ustozdan zamon bilan hamnafas bo‘lishni, o‘qitishning yangi usullarini o‘rganishni talab qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Navoiy viloyatida pedagoglarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim qadam tashlandi. Navoiy shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Kasbiy rivojlanish kuni” (KRK) va “Kasbiy rivojlanish soati” (KRS) tadbirlari doirasida mentor-o‘qituvchilarni tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv-treninglariga qizg‘in va ko‘tarinki ruhda start berildi.
⚙️Tadbirning ochilish marosimida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Madamin Tursunov hamda Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazi direktori Uktam Mardanovlar ishtirok etib, mazkur dasturning naqadar muhimligiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
🔴 Treninglarning asosiy maqsadi nima?
Asosiy maqsad — hududlarda “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil eta oladigan, hamkasblariga metodik yelka tutib, ilg‘or tajribalarni ommalashtiradigan chinakam yetakchi — mentor-o‘qituvchilar armiyasini shakllantirishdir. Bu yerda faqatgina nazariya emas, balki amaliy hamkorlik muhiti yaratilmoqda.
✅ Zamonaviy ustoz nimani o‘rganmoqda?
O‘quv jarayonlarida ishtirokchilar alohida xonalarga bo‘lingan holda filologiya, tabiiy fanlar, boshlangʻich taʼlim, matematika, informatika, texnologiya, tasviriy sanʼat hamda ijtimoiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha zamon talabidagi eng dolzarb mavzularni chuqur o‘zlashtirmoqdalar:
⭐️Ijtimoiy-hissiy taʼlim (SEL): Pedagogning kasbiy farovonligi va ruhiy barqarorligini taʼminlash sirlari.
⭐️Sunʼiy intellekt: Taʼlim jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishning etik va huquqiy asoslari.
⭐️Universal dizayn (UDL): Har bir o‘quvchini qamrab oluvchi inklyuziv taʼlimni qo‘llab-quvvatlash metodikasi.
⭐️Baholash tamoyillari: Quruq raqamlar uchun emas, balki haqiqiy natijalarni yaxshilashga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar.
⭐️Pedagogik refleksiya: Taʼlim jarayonini xolis tahlil qilish hamda “Kelajak soatlari” samaradorligini oshirish yo‘llari.
Taʼlim sifatini oʻzgartirish yoʻlidagi ushbu muhim qadam barcha ustozlarga o‘zgacha ilhom, kuch va yangicha g‘oyalar bag‘ishlamoqda. Zero, ertangi kunning bilimli avlodini tarbiyalash uchun avvalo bugungi ustozlar doimiy harakatda bo‘lmog‘i kerak!


