Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

XORIJIY TAJRIBA — TA’LIMDAGI YANGI IMKONIYATLAR

Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida pedagoglarning kasbiy salohiyatini rivojlantirish, malaka oshirish kurslari sifatini oshirish va ilg‘or xorijiy tajribalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etishga qaratilgan navbatdagi seminar-trening tashkil etildi.

Mashg‘ulotda Prezident maktabi o‘qituvchisi, markazning xorijiy maslahatchisi Bernardo Melchor geografiya fani bo‘yicha malaka oshirish kursi tinglovchilari bilan “Sinfxonadan tashqarida” mavzusida amaliy mashg‘ulot olib bordi.
Seminar doirasida zamonaviy ta’lim yondashuvlari, o‘quvchilarni faol fikrlashga undash, dars jarayonini samarali tashkil etish hamda ta’limni amaliy faoliyat bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladigan metodik yechimlarga e’tibor qaratildi.
Xorijiy maslahatchilar — islohotlarni amaliyot bilan bog‘lovchi muhim kuch. Bugungi kunda jahon ta’lim tizimida o‘quvchini tayyor bilimlarni qabul qiluvchi emas, balki mustaqil izlanadigan, muammolarga yechim topadigan va o‘z fikrini asoslay oladigan shaxs sifatida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Loyiha asosida o‘qitish, fanlararo integratsiya, muammoli ta’lim va o‘quvchilar faolligiga asoslangan metodlar xalqaro ta’lim amaliyotining muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Xorijiy maslahatchilarning ta’lim jarayoniga jalb etilishi ushbu yondashuvlarni o‘rganish, ularni milliy ta’lim sharoitiga moslashtirish va pedagoglarning amaliy kompetensiyalarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, xalqaro tajribaga ega mutaxassislarning pedagoglar bilan bevosita ishlashi nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalarga aylantirish, darslarni zamonaviy talablar asosida loyihalash va ta’lim natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bu kabi hamkorlik O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlarining muhim maqsadlari — ta’lim sifatini yuksaltirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish hamda o‘quvchilarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga hissa qo‘shadi.
Seminar-trening xorijiy tajribani o‘rganish bilan birga, uni mahalliy ta’lim amaliyotiga tatbiq etish yo‘llarini anglash uchun ham muhim maydon bo‘ldi.
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazi pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or metodikalarni ommalashtirish va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi ishlarini izchil davom ettiradi.