Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

GIYOHVANDLIK — UMR ZAVOLI

Inson umriga, uning porloq kelajagiga rahna soluvchi, jamiyat va oilalar poydevoriga darz ketkazuvchi illatlardan biri — giyohvandlikdir. Bugun ushbu «ogʻu»ga qarshi kurashish, yoshlar va pedagoglar oʻrtasida sogʻlom ma’naviy muhitni mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida tinglovchilar hamda markaz xodimlari ishtirokida «Biz giyohvandlikka qarshimiz!» mavzusida chuqur mazmunli, profilaktik va ma’rifiy davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda giyohvandlikning inson ruhiyati va fiziologiyasiga yetkazadigan halokatli asoratlari, uning ortidan keladigan ayanchli oqibatlari real hayotiy misollar orqali atroflicha tahlil qilindi. Asr vabosiga aylangan ushbu illatga qarshi befarq bo‘lmaslik, unga qarshi kurashish nafaqat tegishli tashkilotlarning, balki har bir ziyoli va mas’uliyatli fuqaroning burchi ekani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvning ta’sirli qismi — giyohvandlik girdobiga tushgan kimsalarning achchiq qismati, barbod boʻlgan orzulari hamda ushbu illatning mudhish asoratlarini yaqqol namoyon etuvchi maxsus profilaktik videorolik namoyishi boʻldi. Mazkur videomaterial yigʻilganlarda chuqur taassurot qoldirib, har bir ishtirokchini ogohlikka va hushyorlikka chorladi.

Kelajagimizni bir lahzalik xushnudlik evaziga xavf ostiga qoʻymaylik! Sogʻlom hayotni tanlash — oʻz qoʻlimizda!