KELAJAK SOATLARI: SAMARADORLIK PEDAGOGIK YONDASHUVDAN BOSHLANADI!
“Kasbiy rivojlanish kuni” tadbirlari doirasida Karmana tumanidagi tayanch 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ijtimoiy fanlar yo‘nalishida navbatdagi amaliy trening tashkil etildi.
33 nafar yetakchi o‘qituvchi ishtirok etgan mashg‘ulot “Kelajak soatlari” samaradorligini oshirishda pedagogning roli” mavzusiga bag‘ishlandi. Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi ijtimoiy fanlar metodistlari Otabek Usmonov hamda Husnora Toʻrayevalar tomonidan olib borilgan mashg‘ulotda pedagogning mas’uliyati, o‘quvchilar bilan samarali muloqot o‘rnatish va tarbiyaviy mashg‘ulotlarni mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotning o‘ziga xosligi — nazariya va amaliyot uyg‘unligida!Trening davomida “Bir qadam oldinga” va “Dunyo kafesi” metodlarini amaliyotda qoʻllash oʻrganildi. Ushbu yondashuvlar ishtirokchilarga o‘z fikrlarini erkin ifodalash, turli qarashlarni muhokama qilish, hamkasblar tajribasidan o‘rganish hamda yangi pedagogik yechimlarni izlab topish imkonini berdi.
Zero, “Kelajak soatlari”ning samaradorligi faqat mavzuning mazmuni bilan emas, balki pedagogning uni qay darajada qiziqarli, ta’sirchan va hayotiy misollar bilan yetkazib bera olishi bilan ham belgilanadi. O‘quvchini fikrlashga undaydigan, uning dunyoqarashini kengaytiradigan va mustaqil xulosa chiqarishga yo‘naltiradigan mashg‘ulotlargina kutilgan natijani beradi.
Kasbiy rivojlanish — bu yangi bilimlarni egallash bilan birga, ularni amaliyotda qo‘llash mahoratini ham oshirishdir. Karmana tumanida tashkil etilgan mazkur trening ham yetakchi o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash, ilg‘or metodlarni ommalashtirish va ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.


