Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida o‘z kasbiy faoliyati davomida yutuqlarga erishgan pedagog-o‘qituvchilar bilan tajriba almashish maqsadida “Kimyo fanini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar va qiziqarli metodlardan foydalanish” mavzusida ilmiy-amaliy seminar-trening mashg‘uloti o‘tkazildi.
Tadbirni Akademik faoliyat bo‘yicha o‘rinbosar, psixologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Safarov, Fanlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Abdurayim Pulotov hamda Aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi mudiri, DSc, professor Xurshida Xasanovalar ochib berib, zamonaviy kimyo ta’limi oldida turgan muhim vazifalar va innovatsion metodlarning ahamiyatiga to‘xtaldilar.
Seminar davomida viloyatning ilg‘or va tajribali o‘qituvchilari tomonidan eng dolzarb mavzularda qiziqarli mahorat darslari va taqdimotlar namoyish etildi. Xususan, Zarafshon shahridagi 12-maktab oliy toifali kimyo fani o‘qituvchisi Feruza Utanazarova «Oleum mavzusini o‘qitish metodikasi» bo‘yicha, Navbahor tumani 1-maktab oliy toifali o‘qituvchisi Mashhura Oltinova esa «Kimyo darslarini qiziqarli tashkil qilishning zamonaviy metodlari» mavzusida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Navoiy shahridagi 11-maktab oliy toifali o‘qituvchisi Iskandar Narziyevning «Elektroliz mavzusiga oid masalalar yechish» hamda Xatirchi tumani 28-maktab oliy toifali o‘qituvchisi Feruza Xolmurodovaning «Galogenlar mavzusini o‘qitishda qiziqarli o‘yinlardan foydalanish» mavzusidagi chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirning amaliy qismida Navbahor tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi Shaxlo Imomova va Karmana tumanidagi 18-maktab o‘qituvchisi Xurshida Toshevalar hamkorlikda «Kimyo darslarida qiziqarli tajribalar bajarish» mavzusida ko‘rgazmali laboratoriya mashg‘ulotini o‘tkazib berishdi.
Tadbir yakunida o‘zaro savol-javob va qizg‘in fikr almashishlar bo‘lib o‘tdi. Pedagoglar dars jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi interfaol metodlar, amaliy laboratoriya tajribalari va murakkab mavzularni o‘quvchilarga sodda hamda qiziqarli usulda yetkazish bo‘yicha o‘z bilim va mahoratlarini yanada boyitdilar.


