Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

Seminar-trening

Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining amaliyotchi psixologlari ishtirokida “Bugungi kun psixologi: tajriba va taraqqiyot” mavzusida yuqori saviyadagi seminar-trening mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘z kasbiy faoliyati davomida yuqori yutuqlarga erishgan psixologlarning o‘zaro tajriba almashishi, zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlarni keng muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Tadbirni markaz direktori o‘rinbosari, psixologiya fanlari doktori, professor Dilmurod Safarov hamda kafedra mudiri Elbek Do‘sanovlar kirish so‘zi bilan ochib berib, sohadagi yangilanishlar va amaliy treninglarning ahamiyatiga to‘xtaldilar.

Seminarning amaliy qismida soha mutaxassislari tomonidan eng dolzarb mavzularda mahorat darslari o‘tildi. Jumladan, Navoiy shahridagi 4-maktab psixologi Mirtemir Pirnafasov “Soyabon metodi” mashg‘ulotini namoyish etdi. Uchquduq shahri 10-maktabdan Dilafruz Sharofova “Emotsiyalar” treningi, Konimex tumani 19-maktabdan Marziya Xalbabayeva “Sartarosh” mashg‘uloti hamda Zarafshon shahri 3-maktabdan Guljahon Idiyeva “Keys stadi” metodi orqali ishtirokchilarning kasbiy ko‘nikmalarini boyitishdi. Zarafshon shahridagi 14-maktab psixologi Nafisa Tuxtamishova “Salomatlik va stresdan chiqish” mavzusidagi treningi bilan bugungi kunning eng muhim muammolariga yechim ko‘rsatgan bo‘lsa, Navoiy shahri 14-maktab psixologi Maftuna Raxmanova “Art Terapiya” metodi yordamida ijodiy ruhiy tiklanish usullarini amalda ko‘rsatib berdi.

Tadbir yakunida markazning pedagog-xodimlari va malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirokida qizg‘in savol-javob hamda o‘zaro erkin fikr almashish jarayoni tashkil etildi. Ushbu mazmunli tadbir maktab amaliyotchi psixologlari uchun yangicha tizim, zamonaviy metodlar va o‘zaro hamkorlik maydonini yaratishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.