Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

Seminar

Kimyoni yodlash emas, anglash vaqti! Xorijiy metodikalar amalda

Xalqaro maslahatchi, filippinlik Bernardo Melchor Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida o’tkazayotgan seminarlarida o’quvchini darsning asl qahramoniga aylantiruvchi zamonaviy G’arb metodikalarini taqdim etmoqda.

Xo’sh, navbatdagi seminarda kimyo fani ustozlari uchun o’rgatilgan va xalqaro miqyosda ommalashgan eng zo’r 5 ta o’qitish metodi qaysi? Keling, tanishamiz!

Muammoli ta’lim (Problem-Based Learning – PBL)
Dars quruq mavzu tushuntirishdan emas, balki o’quvchilarga hayotiy bir muammo (keys) berishdan boshlanadi.
Misol uchun: «Nega metall ko’priklar zanglaydi va buni qanday to’xtatish mumkin?» O’quvchilar guruhlarga bo’linib, oksidlanish-qaytarilish reaksiyalari yordamida yechim izlaydilar.

🔄 5E Modeli (Inquiry-Based Learning)
O’quvchining mavzuni chuqur tushunishini ta’minlaydigan 5 oltin bosqich:
1️⃣ Engage (Jalb qilish): Qiziqarli savol yoki kutilmagan qisqa tajriba bilan diqqatni tortish.
2️⃣ Explore (Izlanish): Mavzuni o’zlari kashf qilishlari uchun laboratoriya yoki qidiruv topshirig’ini berish.
3️⃣ Explain (Tushuntirish): O’quvchilar xulosalarini aytadi, ustoz esa ilmiy atamalar bilan tizimlashtiradi.
4️⃣ Elaborate (Kengaytirish): Olingan bilimlarni yangi vaziyatlarda qo’llab ko’rish.
5️⃣ Evaluate (Baholash): O’quvchining o’z-o’zini va do’stlarini baholashi.

«Flipped Classroom» (Ag’darilgan sinf)
An’anaviy darsning teskarisi! O’quvchilar mavzuning nazariy qismini (video, matn, prezentatsiya) uyda mustaqil o’rganib kelishadi.
Sinfxonada-chi? Butun vaqt laboratoriya ishlari, masalalar yechish va qiziqarli muhokamalarga sarflanadi. Bu orqali amaliyotga ko’proq e’tibor qaratiladi.

Konseptual xaritalar (Concept Mapping)
Kimyodagi murakkab formulalar va bog’lanishlarni yodlash emas, ularning o’zaro aloqasini ko’rsatuvchi vizual sxemalar chizish usuli.
Misol uchun: Markazga «Moddalar» yozilib, undan «Sof moddalar» va «Aralashmalar»ga tarmoqlanadi. Bu mavzuni xotirada tizimli saqlashga yordam beradi.

Modellashtirish (Visual & Molecular Modeling)
Ko’zga ko’rinmas mikrodunyoni (atom va molekulalar darajasini) tasavvur qilish endi muammo emas! Ushbu metodika oddiy ashyolar (plastilin, konstruktorlar) yoki raqamli simulyatsiyalar (masalan, PhET dasturlari) yordamida molekulalar modelini yaratishni o’rgatadi.

Xulosa o’rnida:
Ushbu xorijiy metodlarning bosh maqsadi — kimyoni shunchaki formulalar yig’indisi bo’lgan «zerikarli fan» emas, balki atrofimizdagi dunyo mo’jizalarini tushuntiruvchi «jonli fan» ekanini o’quvchiga his qildirishdir!