So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ularni xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda ta’lim sifati, o‘qituvchilar malakasi va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish ustuvor vazifa sifatida belgilab kelinmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlar doirasida 2026-yil may oyida yurtimizning turli hududlarida faoliyat olib borayotgan pedagoglar Fransiyaning mashhur Nitssa shahrida joylashgan Frankofoniya til markazida tashkil etilgan xalqaro malaka oshirish va tajriba almashish dasturida ishtirok etish uchun yuborildi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli dasturda Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi pedagogi G‘ayrat Tojiyev ham munosib ishtirok etmoqda. U xalqaro darajadagi mutaxassislar bilan birgalikda ta’limning zamonaviy tendensiyalari, innovatsion pedagogik texnologiyalar, samarali o‘qitish usullari hamda o‘quvchilar bilan ishlashning yangi yondashuvlarini o‘rganmoqda.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar uchun intensiv dars mashg‘ulotlari, amaliy treninglar, mahorat darslari va interaktiv seminarlar tashkil etilgan. Mashg‘ulotlar davomida pedagoglarning kasbiy bilimlarini chuqurlashtirish, ularda kreativ fikrlashni rivojlantirish, ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, dastur doirasida madaniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlar ham tashkil etilgan bo‘lib, ular ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Xususan, Frankofoniya til markazi asoschisi va direktori Yan Librati boshchiligida o‘tkazilayotgan “ochiq osmon ostidagi ma’ruzalar” pedagoglarga Fransiyaning boy tarixi, madaniyati, milliy an’analari hamda fransuz tilining shakllanish bosqichlari haqida bevosita ma’lumot olish imkonini bermoqda.
Nitssa shahri hamda uning atrofidagi tarixiy va madaniy maskanlarga uyushtirilgan ekskursiyalar davomida ishtirokchilar Yevropa ta’lim muhiti, ijtimoiy hayot tarzi va madaniy merosi bilan yaqindan tanishmoqda. Bu esa pedagoglarning nafaqat kasbiy, balki shaxsiy dunyoqarashini ham kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, xalqaro muhitda o‘quv jarayonlarida ishtirok etish, xorijlik mutaxassislar bilan fikr almashish va turli mamlakatlar ta’lim tajribalarini taqqoslash pedagoglar uchun muhim amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun ta’lim sohasida raqobatbardosh va zamonaviy bilimga ega pedagog kadrlarni tayyorlash davr talabi hisoblanadi. Shu ma’noda, bunday xalqaro malaka oshirish dasturlari pedagoglarning tajribasini boyitish, ta’lim jarayoniga ilg‘or g‘oya va texnologiyalarni olib kirish hamda hududlarda ta’lim sifatini yanada yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shubhasiz, Fransiyada orttirilayotgan bilim va tajribalar kelgusida Navoiy viloyati ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.


