Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi hamda Maktabgacha ta’limni muvofiqlashtirish bo‘limi hamkorligida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan “Ezgu tilak” loyihasi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Ochiq osmon ostidagi amaliy mashg‘ulotning asosiy maqsadi yosh avlod qalbida tabiatga mehr, ekologik mas’uliyat va atrof-muhitga ongli munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat olib borayotgan pedagoglarning ekologik tarbiya borasidagi amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
“Ezgu tilak” loyihasi doirasida ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan mazmunli amaliy mashg‘ulotlarda gul ekish va ko‘chat parvarishlash ishlari, chiqindidan san’at ko‘rgazmalari, “Men tabiatni qanday asrayman?” mavzusidagi rasmlar, “Ezgu tilak daraxti” loyihasi doirasida tabiat haqidagi ezgu tilaklar yozish kabi mashg‘ulotlar katta qiziqish bilan amalga oshirildi.
Tadbir davomida tinglovchilar ekologik tarbiya faqat nazariy tushuncha emas, balki kundalik hayot tarziga aylanishi lozimligini alohida ta’kidladilar.
Mazkur loyiha bolalarda ekologik ongni rivojlantirish, tabiatga mehr uyg‘otish, jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish, ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida ekologik muammolarning bugungi kundagi dolzarbligi, ekologik madaniyatni shakllantirishning pedagogik asoslari hamda maktabgacha ta’limda ekologik tarbiyaning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan mazmunli ma’ruzalar tinglandi.
Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi tomonidan maktabgacha ta’limda ekologik tarbiyaning zamonaviy yondashuvlari yuzasidan muhim tavsiyalar berildi.
Tadbirning eng qiziqarli qismi guruhlarda tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar bo‘ldi. Ishtirokchilar bir necha yo‘nalishlarda faol ishtirok etib, o‘z ijodiy va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etdilar.
Tabiatni asrash — kelajak avlod oldidagi eng katta mas’uliyatdir.


