Aziz yurtdoshlar, hurmatli dindoshlar!
Barchangizni mo‘min-musulmonlarning suyukli ayyomi, xalqimizning shukronalik, saxovat va mehr-oqibat bayrami – muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!
Ushbu qutlug‘ ayyomda fayzli va barokatli kunlar nasib aylagani uchun qalblarimiz cheksiz shukronalarga to‘ladi. Zero, oila, mahalla va jamiyat ahliga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj, ehtiyojmand kishilarga beg‘araz yordam berish, yaxshilik, sabru qanoat kabi ezgu fazilatlarni o‘zida mujassam etgan bu bayramning ma’no-mazmuni bugungi kunda mamlakatimizda muxtaram Yurtboshimiz olib borayotgan siyosatga g‘oyat uyg‘un va hamohang ekanini, shu saodatli damlarda har birimiz chuqur his etmoqdamiz.
Ramazon oyi yurtimizda ahil-inoqlikda ko‘tarinki ruh va yuksak insoniy sabru qanoat bilan o‘tkazildi. Yurtdoshlarimiz savob ishlarning boshini tutib, mehr-muruvvat ko‘rsatdilar, keksalarning holidan xabar olib, ezgu ishlar bardavom bo‘ldi. Ushbu an’ana va xayrli amallarimiz yil bo‘yi davom etishiga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin! Eng aziz ne’mat – tinchlik va osoyishtalik, qut-baraka, farovonlik yurtimizda barqaror bo‘lsin!
Muborak Iyd-al-Fitrning fayzu barakoti qalblarimizni va xonadonlarimizni munavvar aylasin! Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Hurmat bilan Uktamjon Mardanov,
Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori


