Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

“Kitob o‘qish soati”

“Kitob va kitobxonlik – inson ma’naviyatining ko‘zgusi”

Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida Pedagogika va psixologiya, ta’lim texnologiyalari kafedrasi hamda Axborot-resurs markazi (ARM) hamkorligida xodimlar hamda tinglovchilar uchun “Kitob o‘qish soati” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri tashkil etildi.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, mutolaa orqali inson ma’naviyatini boyitish, ayniqsa o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirishdan iborat bo‘ldi. Zero, kitob – tafakkur charog‘i, ma’naviyat ko‘zgusi, inson qalbini yuksaltiruvchi bebaho boylikdir.

Tadbir davomida ilhomlantiruvchi badiiy asarlar, hayotiy hikoyalar, pedagogika va psixologiyaga oid zamonaviy adabiyotlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Kitobning shaxs kamoloti, rahbarlik madaniyati va ta’lim jarayonidagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Tadbirda kafedra mudiri Elbek Do‘sanov, kafedra katta o‘qituvchisi Ziyo O‘tapov hamda ARM bosh mutaxassisi Bobur Ergashevlar mavzuga oid mazmunli chiqishlar qilib, kitobxonlikning inson hayoti va kasbiy faoliyatidagi ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Samimiy ruhda o‘tgan ushbu ma’naviy uchrashuv yakunida eng faol kitobxonlar tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Bu esa tadbir ishtirokchilarini yanada faol mutolaaga, ilm va ma’rifat sari intilishga ruhlantirdi.

Kitob – qalb tarbiyasi, tafakkur tarozusi va komillik sari yetaklovchi yo‘ldir. Shu bois bunday ma’rifiy tadbirlar izchil davom ettiriladi.