Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi Axborot-resurs markazi, Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi hamda Karmana tuman Axborot-kutubxona markazi hamkorligida buyuk mutafakkir, so‘z sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom” nomli g‘azalxonlik kechasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ijodkor, g‘azalnavis shoiralar Oysuluv G‘oziyeva va Maqsuda Karimova Alisher Navoiyning hayoti va bebaho adabiy merosi haqida atroflicha so‘z yuritib, uning asarlari bugungi kun yoshlarini ma’naviy yetuk, barkamol insonlar etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasining ona tili va adabiyot fani kurs tinglovchilari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar mahorat bilan o‘qilib, shoir ijodi yuzasidan chuqur va mazmunli fikr-mulohazalar bildirildi. Ushbu chiqishlar g‘azalxonlik kechasiga o‘zgacha fayz, ruh va badiiy tarovat bag‘ishladi.
Tadbir davomida Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi Axborot-resurs markazi bosh mutaxassisi Bobur Ergashev so‘zga chiqib, Alisher Navoiyning o‘zbek adabiyoti va milliy ma’naviyatimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritdi hamda shoir g‘azallaridan birini ifodali tarzda o‘qib berdi.
Pedagogik mahorat markazi o‘qituvchilari tomonidan Navoiy merosini chuqur o‘rganish, uni ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etish orqali kelajak avlod uchun mustahkam ma’naviy poydevor yaratish zarurligi borasida qimmatli fikrlar bildirildi.
Mazkur g‘azalxonlik kechasi Alisher Navoiy siymosiga bo‘lgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘lib, ishtirokchilar qalbida unutilmas taassurot qoldirdi.


