Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida bugundan viloyat maktablarining boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun «PIRLS tadqiqoti doirasida O‘qish savodxonligini baholash va rivojlantirish» mavzusida seminar-trening o‘z ishini boshladi.
14-16-yanvar kunlari davom etadigan mazkur tadbirda maktab direktorlari hamda boshlang‘ich ta’lim mutaxassislari qatnashmoqda.
Trening ochilishida Pedagogik mahorat markazi direktori o‘rinbosari Dilmurod Safarov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, mamlakat ta’lim tizimining xalqaro baholash dasturlaridagi ishtirokining ahamiyati, xususan, boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirishda PIRLS tadqiqotining o‘rniga to‘xtaldi.
Mashg‘ulotlar davomida PIRLS tadqiqoti natijalari asosida shakllangan ilmiy-amaliy yondashuvlar, o‘quvchilarda o‘qib tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirish usullari, shuningdek, ochiq ravishda e’lon qilingan PIRLS matnlarini ta’lim jarayonida samarali qo‘llash masalalari atroflicha muhokama qilinmoqda.
Mazkur trening mashg‘ulotlarini metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘qituvchilar uchun 2 ta qo‘llanma, o‘quvchilar uchun 8 ta mashq daftari hamda maxsus onlayn platforma ishlab chiqilgan.


