Mazkur uslubiy qo‘llanma umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarda turli fanlar kesimida XXI asrga xos muhim ko‘nikmalarni shakllantirish masalalarini qamrab oladi. Unda zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiluvchi omillar tahlil qilinib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq tavsiyalar tizimlashtirilgan. So‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa, ta’lim jarayonida yangicha metod va yondashuvlarni qo‘llash zaruratini kuchaytirdi. Shu nuqtai nazardan, qo‘llanmada o‘quvchilarda kreativlik, tanqidiy fikrlash, hamkorlikda ishlash (kollaboratsiya) hamda samarali muloqot (kommunikatsiya) kabi kompetensiyalarni rivojlantirishning ilmiy-metodik asoslari yoritilgan. Bunda ilg‘or xorijiy tajribalar bilan bir qatorda milliy ta’lim amaliyotida sinovdan o‘tgan yondashuvlar uyg‘unlashtirilgan. Shuningdek, ta’lim jarayonini samarali tashkil etishda muammoli ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, vizual vositalar orqali murakkab tushunchalarni oson tushuntirish, fanlarni kundalik hayotdagi jarayonlar va hodisalar bilan bog‘lash orqali o‘quvchilarda fanga qiziqish va ijodiy yondashuvni kuchaytirish yo‘llari ochib berilgan. Har bir yondashuv aniq metodlar va amaliy misollar asosida izohlangan bo‘lib, ularni bevosita dars jarayonida qo‘llash imkoniyati mavjud. Qo‘llanmani yaratishda so‘nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari chuqur tahlil qilindi, shuningdek mualliflar tomonidan o‘tkazilgan izlanishlar asosida olingan yangi ilmiy xulosalar ham kiritildi. Bu esa mazkur ishning ilmiy va amaliy ahamiyatini yanada oshiradi. Uslubiy qo‘llanma, avvalo, turli yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar, amaliyotchi o‘qituvchilar hamda metodistlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, undan ta’lim jarayonini samarali tashkil etishda qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin.