Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

“Ilk qadam” dasturi

“ILK QADAM” MILLIY O‘QUV DASTURI: NAVOIYDA UCHINCHI BOSQICH KURSLARI DAVOM ETMOQDA

Navoiy viloyati, xususan Navoiy, Zarafshon, G‘ozg‘on shaharlari hamda Konimex tumanidagi tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida reja-grafik asosida “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini keng joriy etishga qaratilgan qisqa muddatli o‘quv kursining uchinchi bosqichi tashkil etildi.

Mazkur kurslar maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda “Ilk qadam” dasturini amaliyotga samarali tatbiq etishga yo‘naltirilgan.

O‘quv jarayonlari 2026-yil 2–20-iyun kunlari respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Har bir tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotida mashg‘ulotlar 3 kun davom etadi. Unda direktor o‘rinbosarlari, shuningdek, o‘rinbosar mavjud bo‘lmagan muassasalarda direktorlar ishtirok etmoqda.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar “Ilk qadam” dasturining mazmuni, zamonaviy pedagogik yondashuvlar, ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, bolalarning har tomonlama rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallamoqda.

Shuningdek, onlinedu.uz platformasi orqali yakuniy test sinovlari tashkil etilib, kursni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga QR-kodli elektron sertifikatlar taqdim etiladi.

Mazkur o‘quv kurslari rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish, “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini chuqur o‘zlashtirish va uni ta’lim jarayoniga samarali tatbiq etishga xizmat qiladi.