Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturini joriy etish bo‘yicha maktabgacha ta’lim mutaxassislarini tayyorlash trening dasturi doirasida o‘quv-seminari boshlandi. Tadbirni viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abror Latipov hamda Pedagogik mahorat markazi direktori Uktamjon Mardanov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tadbir avvalida mamlakatimizda maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Ilk qadam–2026” dasturining ahamiyati hamda pedagoglar oldida turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritildi. Shuningdek, tarbiyachilarning kasbiy mahoratini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish va bolaga yo‘naltirilgan ta’lim muhitini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uch kunlik trening davomida ishtirokchilar uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda kompetensiyaviy yondashuv asosida ta’limni tashkil etish, bolalar rivojlanishini kuzatish va baholash, ta’lim markazlarini samarali tashkil qilish, o‘yin orqali ta’lim berish hamda shaxsga yo‘naltirilgan pedagogika tamoyillari bo‘yicha interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.
Mashg‘ulotlarda ishtirokchilar guruhlarda ishlash, amaliy topshiriqlar bajarish, tajriba almashish va yangi metodik yondashuvlarni amaliyotda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Tadbir yakunida esa ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhokamalar hamda refleksiya jarayonlari tashkil etiladi.
Mazkur o‘quv-seminari 21–23-may kunlari davom etadi hamda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.


