Bugun Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida “Milliy ta’lim yaratilishida innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mahalliy va xorijiy olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda pedagoglar ishtirok etib, ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va zamonaviy pedagogik metodlarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Anjumanda Ozarbayjon, Rossiya, Ruminiya, Hindiston, Filippin, Ukraina va Tojikiston davlatlaridan mutaxassislar ta’limning zamonaviy modeli, sun’iy intellektning ta’limdagi o‘rni, inklyuziv ta’lim, gamifikatsiya va raqamli ta’lim muhiti kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildilar.
Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazida “Milliy ta’lim yaratilishida innovatsion yondashuvlar” mavzusida boʻlib oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman doirasida mahalliy va xorijiy mutaxassislar tomonidan quyidagi mazmunli ma’ruzalar taqdim etildi:
🔵 Ozarbayjonlik professor Yusif Aliyev — milliy ta’lim modelini rivojlantirishda xalqaro tajribani integratsiya qilish, ta’lim standartlarini takomillashtirish va pedagog kadrlar kompetensiyalarini oshirish masalalariga to‘xtaldi.
🔵 Filippinlik mutaxassis Bernardo Melchor Kajandab — sun’iy intellekt sharoitida “samaradorlik paradoksi”ni yoritib, o‘quvchilarda mustaqil va chuqur fikrlashni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
🔵 Professor Alimjan Ibragimov — sun’iy intellekt va big data orqali o‘quv natijalarini tahlil qilish, prognozlash hamda individual ta’lim trayektoriyalarini yaratish imkoniyatlarini bayon qildi.
🔵 Hindistonlik dotsent Umme Saniya — sun’iy intellekt o‘qituvchini almashtirmasligi, balki uning faoliyatini samarali qo‘llab-quvvatlovchi vosita ekanini asoslab berdi.
🔵 Rossiyalik olim Boris Komarov — kompetensiyaviy yondashuv asosida zamonaviy ta’lim maqsadlarini belgilash va o‘quvchilarni hayotiy ko‘nikmalarga tayyorlash masalalarini yoritdi.
🔵 Professor Xurshida Xasanova — kimyo fanini o‘qitishda innovatsion metodlar, raqamli laboratoriyalar va simulyatsiyalarni qo‘llash orqali ilmiy tafakkurni rivojlantirishni ta’kidladi.
🔵 Ruminiyalik mutaxassis Dumitru-Kristesku Bogdan — pedagogika tizimida sun’iy intellekt integratsiyasining ahamiyati va texnologiya hamda ta’lim uyg‘unligini ko‘rsatib berdi.
🔵 Ukraina vakili Vera Chudakova — ta’lim jarayonida strategik va taktik maqsadlarni belgilash, monitoring va samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etishga e’tibor qaratdi.
🔵 Professor Akmal Nazarov — yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish masalalarini yoritdi.
🔵 Tojikistonlik olim Xusan Zaymetov — o‘quvchilarning ijtimoiy-psixologik moslashuvi va barqaror ta’lim muhitini shakllantirishning nazariy asoslarini bayon qildi.
🔵 Filippinlik mutaxassis Jeylord Kin Servano — inklyuziv ta’limda universal dizayn yondashuvi orqali har bir bola uchun teng imkoniyat yaratish muhimligini ta’kidladi.
🔵 Professor Dilmurod Safarov— raqamli ta’lim muhitida psixologik xavfsizlik va axborot madaniyatini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi.
🔵Filippinlik mutaxassis Sheyla Mey Badajos — ingliz tilini o‘qitishda geymifikatsiya usullarining o‘quvchilar motivatsiyasi va o‘quv samaradorligiga ta’sirini misollar bilan ko‘rsatdi.
Mazkur ma’ruzalar turli davlatlar tajribasini qamrab olib, zamonaviy ta’limni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shuningdek, ta’lim jarayonida o‘quvchilarning kreativ va tanqidiy fikrlashini rivojlantirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb etish hamda raqamli texnologiyalar asosida samarali ta’lim muhitini yaratish bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur anjuman ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda milliy ta’lim tizimini rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.


