O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri aynan ta’lim tizimida halollik va shaffoflikni mustahkamlash hisoblanadi. Bugungi islohotlar zamirida – inson kapitalini rivojlantirish, malakali mutaxassislarni yetishtirish, yosh avlodga bilim berishda adolat mezonlarini qaror toptirish kabi strategik maqsadlar mujassam.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muhim huquqiy asoslar yaratildi:
– 2017-yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun,
– 2020-yilda Prezident farmoni bilan korrupsiyaga qarshi tizimni takomillashtirish choralari,
– 2021-yilda esa Davlat organlarida komplaens nazorat tizimini joriy qilish va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish ko‘zda tutilgan qarorlar qabul qilindi.
Bunday yondashuvlar ayniqsa ta’lim sohasida dolzarb ahamiyatga ega, chunki korrupsiyaning bu tizimdagi har qanday ko‘rinishi – butun jamiyat salohiyatiga tahdiddir.
Ta’limdagi korrupsiya – jamiyatning ilmiy va ma’naviy tanazzuli
Korrupsiya ta’lim tizimida:
• bilim sifati va baholash adolatliligini izdan chiqaradi;
• yosh avlodda «halollik emas, tanish-bilish» orqali natijaga erishish tushunchasini shakllantiradi;
• bilimdon emas, “yo‘lini topgan” kadrlar yetishib chiqishiga olib keladi;
• pedagog obro‘sini tushiradi va ishonch inqiroziga sabab bo‘ladi.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat yuritgan ta’lim tizimlari taraqqiyotda salmoqli o‘sishga erishganini ko‘ramiz. Dunyoning eng ilg‘or ta’lim tizimlaridan biri sifatida tan olingan Finlandiyada ta’lim jarayonida mutlaq shaffoflik tamoyili amalda qo‘llaniladi. O‘qituvchilarning halolligi oliy qadriyat sifatida qadrlanadi va korrupsiyaga nisbatan nol toqat siyosati yuritiladi.
Singapur hukumati ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab, raqamlashtirish, ochiq reytinglar, va onlayn nazorat mexanizmlari orqali baholash jarayonlarini to‘liq shaffoflashtirgan.
Biz, Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi jamoasi, davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan halollik siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Markaz faoliyatida quyidagi ustuvor tamoyillar asosida korrupsiyaga qarshi kurash amalga oshirilmoqda:
• Pedagogik malaka oshirish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash;
• Baholash mezonlarining aniqligi va adolatliligi;
• Ichki nazorat va audit tizimini rivojlantirish;
• Elektron hujjatlar aylanishi va ochiq platformalardan foydalanish orqali inson omiliga bog‘liq xavflarni kamaytirish;
• “Halollik darslari” va etik me’yorlar asosida treninglar o‘tkazish orqali pedagoglarda antikorrupsion madaniyatni shakllantirish.
Markaz tomonidan tashkil etilayotgan seminar, malaka oshirish kurslari va metodik qo‘llanmalar orqali biz korrupsiyaga qarshi immunitetni oshirishga, pedagogik jamoalarda halollik va qonuniylik madaniyatini mustahkamlashga xizmat qilamiz.
Korrupsiyasiz ta’lim — bu nafaqat adolatli tizim, balki ilmli, vatanparvar, mas’uliyatli avlodning kafolatidir. Shuning uchun biz, pedagoglar va ta’lim tashkilotlari rahbarlari, yosh avlodga faqat bilim emas, halollik va poklik mezonlarini ham o‘rgatishimiz zarur. Korrupsiya taraqqiyot kushandasi bo‘lsa, ta’limdagi korrupsiya – jamiyat kelajagiga tahdiddir!
Biz bunga qarshi birgalikda, ongli va qat’iy kurashishimiz kerak.
Hurmat bilan,
Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori U.Mardanov