Daqqt! Sayt test rejimida ishlamoqda.

YUKSAK JAMIYAT SARI

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomada mamlakat hayotining har bir jabhasini yanada rivojlantirishga oid yirik tashabbuslar ilgari surildi hamda kelgusi yillardagi eng muhim vazifalar yuzasidan rejalar taqdim etildi.

Davlatimiz Rahbari tashabbusiga ko‘ra, 2026-yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinishi ham mahallaning jamiyatdagi o‘rni, undagi o‘zaro yordam va vakilliklarning muhimligi, turli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarda aholining birlashishi va yakdillikda harakat qilishi hamda bunday yo‘nalishlarning hayotga ta’sirini yanada kuchaytirishi shubhasiz.

Murojaatnomada keltirilgan 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishdan iborat dastur haqida atroflicha toʻxtalib oʻtsak.

1.Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish.

Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi. Aynan mahalladagi yoʻl, suv, elektr va transport taʼminoti, bogʻcha, maktab va oilaviy poliklinikadagi shart-sharoitlarga qarab, odamlar islohotlarimizga baho beradi. Shu bois mahalla tizimini rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi.

Mahalla infratuzilmasini tubdan yaxshilash orqali biz mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish, uning qiyofasini yanada goʻzal va obod qilish borasidagi ishlarni davom ettiramiz.

2. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish.

Jahon miqyosida raqobat tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda faqat yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan davlatlargina dunyo bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda. Shuning uchun iqtisodiyotning barcha sohalarida yuqori samaradorlikka erishish – kelgusida islohotlarimizning bosh mezoni boʻladi.

2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirish uchun eng toʻgʻri yoʻl – barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazishdir. Bu – kelgusi yillarda iqtisodiy taraqqiyot strategiyamizning asosiy yoʻnalishi boʻladi.

Yurtimizdagi qulay biznes muhiti, demografik oʻsish, inson kapitaliga berilayotgan eʼtibor – Oʻzbekistonni investorlar uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.

Har bir kelishuvni loyihaga aylantirish, sarmoyalarni qisqa fursatda jalb qilish va ularning samaradorligiga masʼul, faqat va faqat investitsiya bilan ishlaydigan alohida yangi tizim tashkil etiladi.

Bundan tashqari, mahalliy sanoat va kooperatsiyani rivojlantirish boʻyicha ham xuddi shunday alohida tizimni yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiqdir.

Umuman, iqtisodiyotni raqobatdosh qilish, investitsiyalar samaradorligini oshirish, sanoat tarmoqlarini texnologik transformatsiya qilish mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Buning uchun Iqtisodiyot va moliya, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari faoliyati tubdan qayta koʻrib chiqiladi.

 “Toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” tashkil etiladi. Markaz negizida robototexnika, internet buyumlari, “aqlli” fabrika kabi “Industriya 4.0” yechimlarini sanoat korxonalarida joriy etish uchun “tartibga solish mexanizmi” yaratiladi. Bunda korxonalar yangi texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy qilishdan oldin ularni sinovdan oʻtkazish imkoniga ega boʻladi.

Sunʼiy intellekt bilan yonma-yon yuradigan kosmik sohadagi tadqiqotlarni rivojlantirish, yoʻldoshli aloqa texnologiyalarini joriy etish borasida ham katta qadamlar tashlandi. Bu borada 2028-yilda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressini oʻtkazishga puxta tayyorgarlik koʻrilyapti.

3. Ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish

Bozorlarimizdagi toʻkinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotgani – turmush sifati yaxshilanayotganini koʻrsatadigan eng asosiy omil.

Ichki talabni ragʻbatlantiradigan muhim faktorlardan biri, bu – inflyatsiya darajasidir.

Respublikada toʻqqiz yilda qulay biznes muhiti yaratilib, tovar va xizmatlar hajmi va turi koʻpaytirildi; aholi daromadli qilinib, kambagʻallik keskin qisqardi.

4. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish 

Hozirgi vaqtda yangi texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt taʼsirida dunyoda ish oʻrinlarining soni, shakli va mazmuni keskin oʻzgarmoqda. Yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtiriladi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinadi.

Sanoatda – avtomatlashgan liniyalar, agrar sohada – aqlli texnologiyalar, transportda – intellektual boshqaruv kundalik hodisaga aylanib bormoqda.

Endi mamlakatimizning mehnat bozori mutlaqo yangi arxitektura asosida – kasb, malaka, texnologiya va taʼlimni birlashtiradigan yagona mexanizm sifatida ishlaydi.

Mutaxassislarning fikricha, bolada biror-bir kasbga qiziqish 7-sinfdan boshlanib, qaysi kasbni tanlashi 9-sinfda toʻliq maʼlum boʻladi. Shu bois 9-sinf bitiruvchilarini fanlarni oʻzlashtirishi va kasbiy qiziqishiga qarab saralab olish tizimi joriy qilinadi. Bunda oliygohlarga kirish istagida boʻlmagan yoshlar texnikumlarga yuboriladi.

Yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish boʻyicha besh yillik dastur tasdiqlandi.

2026-yilda 7 ta viloyatda, 2027-yilda esa qolgan hududlarda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va “Kasblar shaharchasi” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Bunda Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlari hududdagi boshqa texnikumlar uchun metodik va amaliyot bazasi sifatida faoliyat yuritsa, “Kasblar shaharchasi” – maktab oʻquvchilarini qurilish, servis, qishloq xoʻjaligi, sanoat, transport, “yashil” energetika kabi sohalardagi zamonaviy kasblarga yoʻnaltirishga xizmat qiladi.

5.Ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish 

Kelgusi yili Samarqandda Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu tadbirlar tarmoqlar, hududlar va biznes uchun hamkorlar topish, yangi ekoloyihalarni birgalikda boshlashga katta imkoniyat yaratadi.

Shaharlarimizdagi tirbandliklar nafaqat odamlar hayotini qiyinlashtirmoqda, balki ekologiyaga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Shu bois dunyo tajribasidan kelib chiqib, avtomobillar chiqarayotgan zararli moddalar darajasiga qarab, ekologik stikerlar tizimi joriy etiladi. Katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishi cheklanadi. Bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr oʻrnatish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.

Buning uchun alohida Jamgʻarma tashkil qilinadi. Eski mashinasini almashtiraman deganlarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi. Filtr oʻrnatib, zararni kamaytirishga tayyor boʻlgan haydovchilar uchun xarajatlarining bir qismi boʻyicha subsidiya ajratiladi.

Chang-toʻzonlarning oldini olish uchun Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekiladi.

Har bir hududda botanika va dendrologiya bogʻlari hamda 20 tadan soya-salqin sayr koʻchalari barpo qilinadi.

Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga 2026-yilda jami 3 trillion 300 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

6. Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlar 

2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanadi. Endi barcha davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari; 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinadi.

Platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va koʻrib chiqish muddatini nazorat qilish sunʼiy intellekt orqali amalga oshiriladi.

Sodda qilib aytganda, mahalladan tortib respublika darajasida hal boʻladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda koʻrinib turadi.

Eng muhimi, davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratiladi. Davlat xizmatlarini proaktiv va jamlanma shaklda koʻrsatish tizimi rivojlantiriladi.

Bundan kelib chiqib, jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, maʼnaviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda, deya baralla aytishimiz mumkin. Bu sharafli yo‘lda barchamiz Hurmatli Prezidentimizga kamarbasta bo‘lmog‘imiz maqsadga muvofiqdir. Zero har bir islohot negizida inson qadrini yuksaltirish masalasi yotibdi.

Dilyara Tuxfatullina,

Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori o‘rinbosari