DIQQAT! SAYT TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA!

Pedagogika markazi tarixi

Navoiy viloyati pedagogik mahorat markazi Xalq deputatlari Navoiy viloyat kengashi ijroiya qo‘mitasining 1982–yil 26-noyabr oyidagi 277-P farmoyishi bilan tashkil etilgan.

Pedagogik mahorat markazi dastlab Navoiy shahar 16-umumta’lim maktab binosida direktor, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, 19 nafar kabinet mudirlari, 12 nafar metodist, kutubxonachi, hisob-kitobchilar va 3 dona yozuv mashinkasi bilan ish boshlagan.

1991-yilda “Pedagogika, psixologiya va rahbar kadrlar” kafedrasi, 1994-yilda “Tabiiy fanlar va tillar” kafedrasi, 1995-yildan boshlab barcha fan kabinetlari o‘rniga kafedralar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 16-fevraldagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 25-son hamda 2014-yil 15-avgustdagi “Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 234-son qarorlariga asosan Navoiy viloyati Karmana tumani hokimligining 2015-yil 4-martdagi 12-Q qarori bilan ro‘yxatga olingan Xalq ta’limi vazirining 2015-yil 16-fevraldagi “Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institut (markaz)larining ustavini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 34-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Ustav asosida faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda Pedagogik mahorat markazi Akademik faoliyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari, Akademik faoliyatini muvofiqlashtirish, Metodik xizmat ko‘rsatish, Uzluksiz kasbiy ta’limni tashkil etish, Ta’lim sifati nazorati, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, Ijro intizomi bo‘yicha bosh mutaxassis, Maktabgacha ta’limni muvofiqlashtirish, Fanlarni rivojlantirish, matbuot kotibi, Axborot-resurs markazi, Yuriskonsult, Inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis, va Moliya-iqtisod va buxgalteriya bo‘limlari hamda “Ijtimoiy-iqtisodiy va amaliy fanlar metodikasi”, “Tillarni o‘qitish metodikasi”, “Pedagogika va psixologiya, ta’lim texnologiyalari”, “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi”, “Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari” kafedralaridan iborat tashkiliy tuzilmasiga ega.

Hozirgi paytda ta’lim jarayonida 3 nafar fan doktori professorlar, 17 nafar fan nomzodi dotsentlar, 6 nafar ilmiy tadqiqotchi, 8 nafar katta o‘qituvchilar va 7 nafar o‘qituvchilar samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.

Pedagogik mahorat markazi faoliyati davrida 3 nafar o‘qituvchi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi, 3 nafar o‘qituvchi dotsent unvoniga ega bo‘lishdi, 3 nafar xodim ilmiy ishlarini yakunlash arafisida.

Pedagogik mahorat markazi professor-o‘qituvchilari o‘z bilim va malaka mahoratlarini doimiy yangilab borish bilan birga, ta’limni yangi zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida olib borishga asosiy e’tiborini qaratmoqda. Professor-o‘qituvchilarining samarali faoliyat olib borishi, tinglovchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirish, mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini singdirish va xodimlarning qobiliyatini rivojlantirish hamda yangi bilimlar berish, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, Internet global tarmog‘i bilan ishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida pedagogika markazida 4 ta kompyuter xonasida 61 ta kompyuter va 11 ta interaktiv doska , fizika, biologiya va kimyo fanlarida mebel-jihoz, o‘quv labaratoriya asbob-uskunalari bilan ta’minlanib, ta’lim jarayonida foydalanib kelinmoqda.

Uzoq tuman va shahardan kelgan tinglovchilar uchun 50 o‘rinli yotoqxona tashkil etilgan.

Pedagogik mahorat markaziga Latipov Nasriddin Latipovich – 1982-1993 yy., Urchinov Jo‘ra Urchinovich biologiya fanlari nomzodi, dotsent – 1993-1994 yy., Tog‘ayev Eshmamat Suyarovich biologiya fanlari nomzodi – 1994-1997 yy., Saidov Majid Yorqulovich pedagogika fanlari nomzodi – 1997-1999 yy., Farmonov Mardon Farmonovich – 1999-2001 yy., Bobomurodova Anora Yavqochdiyevna pedagogika fanlari nomzodi, dotsent – 2001-2004 yy., Yusupov Tohir Jabborovich filologiya fanlari doktori – 2004-2005 yy., Yo‘ldoshev Kamol Mirzayevich pedagogika fanlari nomzodi, dotsent – 2006-2010 yy., Ro‘ziqulov Faxriddin Rasulovich psixologiya fanlari doktori, professor – 2010-2024 yillarda rahbarlik qilgan.

Hozirda pedagogik mahorat markaziga Mardonov Uktamjon Rustamovich rahbarlik qilib kelmoqda.