Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-martdagi 78-F son farmoyishiga asosan joriy yilning 23-aprel kuni “Innovatsion yondashuvlar asosida milliy ta’lim tizimini takomillashtirish” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjuman avvalida Navoiy viloyat hokimi, senator K.Tursunovning anjuman qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti direktori A.Radjiev, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor B.Sobirov, Navoiy viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Shamuratov, Xalqaro ta’lim eksperti, Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi John Tully, Hindistonning Amiti universiteti professorlari Amit Kumar Pandey va Indrani Bhattacharya, Kolumbiya universitetining xalqaro ta’limni rivojlantirish bo‘yicha treneri Alicia Bradley, Buxoro davlat universiteti professori Sh.Baratov, Shveytsariyaning Zurich universiteti professori Anselm Kristin, Yaponiyaning Hokkaydo universiteti professori Kota Yoshi Fuji, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti tadqiqotchisi Ilya Trosenko, O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim markazi direktor o‘rinbosari M.Pardayeva va bir qator ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorant va ilmiy izlanuvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Millat sifatida yuksalish va dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo‘shilishi faqatgina ta’lim sohasini isloh etish bilan amalga oshishi mumkinligi rivojlangan davlatlar amaliyotida o‘z isbotini topganligi ma’lumdir.
Bugungi anjumanda ham ta’limda innovatsiyalar: nazariya va amaliyot, ta’lim jarayonining psixologik va pedagogik jihatlari: muammolar va yechimlari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haqida fikr yuritildi.
Shuningdek, ta’lim jarayonlarini tashkil etish, boshqarish va baholash, sifat menejmenti tizimini takomillashtirishning zamonaviy usullari: izlanishlar va yechimlari, global ta’lim va fan: muammolar, tahlillar va istiqbollari haqida muhokama qilindi.
Rivojlangan mamlakatlarda ta’lim sohasi muammolarini tadqiq qilish bilan shug‘ullanadigan institutlar ta’lim tizimi taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbolni belgilash, soha xodimlari malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishda xorij tajribasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy o‘rta ta’limdagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish asosida tavsiyalar ishlab chiqish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan xalqaro aloqalarni rivojlantirish asosiy maqsad va vazifalardan biri sanaladi.
Anjuman ishtirokchilari mamlakatimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, xalq ta’limi muassasalarini dunyo reytingining yuqori pog‘onalarida turadigan ta’lim muassasalari bilan raqobatlasha oladigan ta’lim dargohlariga aylantirishni maqsad qilib qo‘ydi.
Ushbu xalqaro anjuman ham o‘ziga xos tarzda muayyan maqsadlarni amalga oshirish, innovatsion yondashuvlar milliy ta’lim tizimini takomillashtirishning zamonaviy tadqiqotlar asosidagi munozaralar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Anjuman yakunida ilmiy-amaliy anjumanlar yana tashkil etilishi hamda tajriba almashishga kelishib olindi.