DIQQAT! SAYT TEST REJIMIDA ISHLAMOQDA!

“Favqulodda 90 kunlik” loyihasi doirasida chora-tadbirlar ijrosi muhokama qilindi

2025-yil 2-iyun kuni Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 15-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi topshiriqlari ijrosini ta’minlash va “Favqulodda 90 kunlik” loyihasini samarali amalga oshirish maqsadida navbatdagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Markaz direktor o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, Fanlarni rivojlantirish bo‘limi, trenerlar hamda mas’ul metodistlar ishtirok etdilar. Unda ta’lim tizimida belgilangan islohotlarni hududiy darajada amaliyotga tatbiq etish maqsasida mas’ul bo‘lim va mutaxassislarning vazifalari belgilab berildi.

Kun tartibidan quyidagi asosiy masalalar o‘rin oldi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi videoselektor yig‘ilishi topshiriqlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha Markaz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni muhokama qilish;
2. “Favqulodda 90 kunlik” loyihasi doirasida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash.

Yig‘ilish davomida quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi:

– Attestatsiyadan o‘tolmagan o‘qituvchilar bilan ishlash:
Toifa bo‘yicha attestatsiyadan o‘tolmagan 9000 ga yaqin o‘qituvchilarni attestatsiya imtihonlariga tayyorlash bo‘yicha maxsus o‘quv dasturi ishlab chiqilishi belgilandi. Ushbu jarayon kafedra mudirlari va Fanlarni rivojlantirish bo‘limi nazoratida amalga oshirilishi kerakligi qayd etildi.

– Pedagoglarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash:
Pedagoglarni xalqaro dasturlar asosida chuqur malaka oshirish tizimini joriy etish, shuningdek, ularning bilim saviyasini baholashning yangi tizimini ishlab chiqish va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taklif kiritish rejalashtirildi.

– Tayanch maktablar faoliyatini tashkil etish:
17 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha tayanch maktablar tanlab olinishi, har bir tayanch maktabdan bir nafar o‘qituvchini Markazda chuqur tayyorlash va ularga trener maqomi berilishi belgilandi. Trenerlar o‘z hududlarida 25 nafar ilg‘or o‘qituvchi bilan ishlash orqali ularning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Yig‘ilish yakunida barcha mas’ullarga chora-tadbirlar rejasi ijrosini muddatida va sifatli ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi. Navoiy viloyati Pedagogik mahorat markazi jamoasi mazkur jarayonni tizimli va natijador yo‘nalishda tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.