Ta’lim jarayonida ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotning roli

Ta’lim jarayonida ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotning roli

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 fevraldagi 56-F-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida 2020 yilda respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadbirlar rejasi” asosida Zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish va malaka oshirish ta’limi sifat va samaradorligini tubdan yaxshilash hamda “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida 2020 yil 19 iyunь kuni “Umumta’lim maktablari ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb muammolari va echimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy onlayn konferensiyasi o‘tkazildi.

Onlayn konferensiyada Navoiy viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari YA.Dushanov, Navoiy davlat pedagogika instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor B.Sobirov, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i L.Xo‘jaqulov, Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori F.Ro‘ziqulov, Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.Ulug‘berdiyev va respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining etakchi professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va ilmiy tadqiqotchilar ishtirok etdilar.

Konferensiyada umumta’lim maktablari ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash muammolari, ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashdagi dolzarb muammolar va echimlar doirasida bajarilayotgan ilmiy ishlarga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari tahlil qilindi.

Anjumanning maqsadi uzluksiz ta’lim tizimida tadqiqot olib borayotgan mutaxassis-olimlar, mustaqil izlanuvchilar ilmiy-nazariy izlanishlarining amaliy tadbiqlari, fanlarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish borasidagi tajribali maktab o‘qituvchilarining taklif va tavsiyalarini umumlashtirish, umumta’lim fanlarini o‘qitishda innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, internet global tarmog‘idan foydalanish madaniyatini keng muhokama qilish va uzluksiz ta’lim tizimi bo‘g‘inlarida uzviylikni takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

Ilmsiz, ma’rifatsiz jamiyat va mamlakat taraqqiyotini tasavvur qilish mushkul. YUsuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilik” asarida “Bilimsiz kishi mevasiz daraxtdir, mevasiz daraxtni och kishi nima qilsin?!”, deb ilm-ma’rifatning o‘rni naqadar dolzarb va muhimligini ko‘rsatib o‘tgan. Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-ma’rifatga alohida urg‘u berilishi va bu orqali raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish masalasi kun tartibiga qo‘yilishi iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy jihatdan kuchli, bozor iqtisodiyoti qonunlari to‘liq amal qiladigan demokratik davlat qurishga qaratilgan muhim qadam ifodasidir.

Anjuman davomida ta’lim sohasida ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotning roli bo‘yicha ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha pedagog-xodimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘yilishi mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlangan davlatlar ta’lim tizimi qatoriga qo‘shish borasida (Dunyoda o‘quvchilarning matematik va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash xalqaro PISA, PIRLS, TIMSS dasturlari doirasida) olib borilayotgan pedagogik faoliyatimizda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish sifat va samaradorligi ustida ishlashimizni hamda bu sohada bilim, ko‘nikma va malakalarimizni uzluksiz takomillashtirib borishimiz bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Anjuman ishtirokchilari tomonidan o‘qituvchilarning darslarga ijodkorlik bilan kreativ yondashishini ta’minlash, ta’lim-tarbiya berish jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida taklif etilgan ilmiy-metodik ishlarning uslubiy qo‘llanmalari va mulьtimediali ishlanmalarini umumta’lim muassasalariga etkazib berilishi va ommalashtirilishi kelishib olindi.

Pulotov Abdurayim Murotovich – O‘quv va ilmiy ishlari bo‘yicha

direktor o‘rinbosari, pedagogika fanlari nomzodi