RAQOBATBARDOSH KADRLARNI TAYYORLASH – DAVR TALABI

Joriy yilning 4-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Tashkenbayev Ulug‘bek Negmatovich raisligida Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi, Navoiy davlat pedagogika instituti va Navoiy viloyati xalq ta’limi tizimi rahbarlari hamda olimlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2020-yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi munosabati bilan mazkur yilda xalq ta’limi xodimlari oldida turgan muhim vazifalar, ta’lim tizimida o‘tgan yillar davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokama etildi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Tashkenbayev Ulug‘bek Negmatovich yig‘ilishda viloyat xalq ta’limi tizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Unda Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda bizga aniq fanlarni, zamonaviy axborot texnologiyalarini, xorijiy tillarni chuqur o‘zlashtirgan, salohiyatli kadrlar kerakligini alohida ta’kidladi. Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash uchun esa, avvalo, ilm-ma’rifatni, fanni rivojlantirish zarur. Demak, ayni jihatdan olib qaraganda, biz, avvalo, o‘qituvchini o‘zgartirishimiz, uning doim o‘z ustida ishlashga undashimiz lozim. Buni qanday amalga oshiramiz?! Endilikda o‘quvchilarimizning bilimini xalqaro va respublika fan olimpiadalarida sinab, ma’lum yutuqlarga erishayotgan o‘quvchilarimiz ustozlarini doimiy rag‘batlantirib boriladi. O‘qituvchilarni o‘z fanidan test yoxud yozma ish topshirishlari yil davomida takrorlanib, ko‘rsatkichlar tanqidiy tahlil etiladi. Ana shunda o‘qituvchi o‘z ustida ishlashga majbur bo‘ladi.

Joriy yil nihoyasiga qadar Navoiy viloyati xalq ta’limi muassasalari o‘qituvchilarining malaka va tajribasi, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini aniqlash maqsadida viloyat umumta’lim muassasalarining barchasi ma’lum talablar asosida sinovdan o‘tkazilishini ta’kidladi.

Shundan so‘ng, Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori F.Ro‘ziqulov, Navoiy davlat pedagogika instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori A.Qo‘shakov va kafedra mudirlari viloyat xalq ta’limi tizimida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga chek qo‘yish, o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, o‘quvchiga sifatli ta’lim-tarbiya berish masalalari bo‘yicha o‘zlarining takliflarini bildirishdi. O‘quvchilarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, variativ (o‘zgaruvchan) o‘quv rejani izchil amaliyotga tatbiq etish, PISA xalqaro tadqiqotlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish kabi muhim vazifalar belgilandi.