Bilimlar kunida “Mustaqillik darsi” o‘tildi

Joriy yilning 4-sentyabr kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 13-umumta’lim maktabida tashkil etilgan Bilimlar kuni tadbirida Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori, psixologiya fanlari nomzodi Ro‘ziqulov Faxriddin Rasulovich ishtirok etib, bolajonlarni “Bilimlar kuni” va mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami bilan tabrikladi. Tadbir davomida 1-sinfga ilk qadamlarini qo‘ygan bolajonlarimizning barchasiga F.Ro‘ziqulov va tadbir ishtirokchilari tomonidan Prezident sovg‘asi tantanali ravishda topshirildi.

Bugun nafaqat bolakaylar balki ularni maktabga kuzatgan ota-onalarining ham qalbida hayajon. Chunki ularning farzandlari hayotida bugun unutilmas lahzalar…

Bolajonlarining ilk bor maktabga qo‘ygan qadami, birinchi qo‘ng‘iroq, birinchi o‘qituvchi, birinchi marta yurtboshimizdan sovg‘a olish…. bularning hamma-hammasi o‘quvchilar qalbini faxr va iftixorga to‘ldirdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirdan so‘ng hududiy markaz direktori, psixologiya fanlari nomzodi F.Ro‘ziqulov o‘quvchilarga “Mustaqillik darsi”ni o‘tdi. Unda O‘zbekistonning davlat mustaqilligi xalqimizning milliy manfaatlarini, tinch va osuda hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib kelayotganini alohida ta’kidladi.

Huduiy markaz jamoasi nomidan respublikamiz umumta’lim maktablari o‘quvchilariga yangi o‘quv yilida yuksak bilim cho‘qqilarini egallashlarida omad tilab qolamiz!