2019-2020-o‘quv yili Avgust kengashlari “Ta’limda islohot: o‘zgarishni o‘zimizdan boshlaylik” shiori ostida tashkil etildi

Navoiy viloyati xalq ta’limi tizimi xodimlarining 2019-2020-o‘quv yili an’anaviy Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishi 2019-yil 21-avgust kuni Navoiy shahridagi Yoshlar markazida tashkil etildi.

An’anaviy Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishida Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov, Pespublika ta’lim markazi direktori M.Pardayeva, Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i N.Ulug‘berdiyev, Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori F.Ro‘ziqulov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi metodik xizmat bo‘limi xodimlari, fan metodistlari hamda viloyatdagi tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarining mudirlari, umumta’lim maktablarining tajribali direktorlari, xalq ta’limi sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ustoz-muallimlar, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, yosh o‘qituvchilar hamda hududiy markazning professor-o‘qituvchilari qatnashdilar.

Ma’lumki, joriy yil 15-16-avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligida 2019-2020-o‘quv yili An’anaviy Avgust kengashlariga bag‘ishlangan videoselektor tarzida tashkil etilgan yig‘ilishda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov xalq ta’limi tizimi sohasidagi islohotlar va ustuvor vazifalarni amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Ushbu ustuvor vazifalarni amalga oshirish xalq ta’limi xodimlarining 2019-2020 o‘quv yilidagi vazifalarini aniq va tizimli belgilab olinishiga va amalga oshirilishiga bevosita bog‘liqdir.

Asosiy maqsad, yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilayotgan an’anaviy Avgust kengashlari “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” shiori asosida tashkil etilib, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ta’lim mazmunidagi o‘zgarishlar mazmun-mohiyatini pedagoglarga etkazish, yoshlarni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalari, shuningdek, xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasida belgilangan vazifalarni bajarishda ta’lim muassasalari pedagoglari oldidagi vazifalarni aniq belgilab olishdan iboratdir.

Yangi o‘quv yili oldidan o‘tkazilgan bu yilgi respublika an’anaviy Avgust kengashining materiallari Xalq ta’limi vazirligining www.uzedu.uz rasmiy veb-sayti, www.eduportal.uz axborot ta’lim portali, Respublika ta’lim markazining www.rtm.uz, A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMOIning www.avloniy.uz, Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazining www.cict.uz, Navoiy viloyati XTXQTMO hududiy markazning www.navoiymoi.uz rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan.

An’anaviy Avgust kengashlarining yalpi yig‘ilishida joriy yilning 22-24- avgust kunlari tuman (shahar) miqyosida seminarlar tashkil etilishi va ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida umumta’lim maktablarida pedagogik kengashlar o‘tkazilishi belgilandi.