Ta’lim jarayonida AKTning roli

Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida 2019-yil 3-iyul kuni “Umumta’lim maktablari ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning dolzarb muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Konferensiyada Navoiy davlat pedagogika instituti rektori B.Daniyarov, Navoiy viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi direktori F.Ro‘ziqulov, respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, doktorantlar va ilmiy tadqiiqotchilar ishtirok etdilar.

Konferensiyada umumta’lim maktablari ta’lim tizimida malakali kadrlar tayyorlash muammolari, ta’lim jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashdagi dolzarb muammolar va yechimlar doirasida bajarilayotgan ilmiy ishlarga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari tahlil qilindi.

Anjumanning maqsadi uzluksiz ta’lim tizimida tadqiqot olib borayotgan mutaxassis-olimlar, mustaqil izlanuvchilar ilmiy-nazariy izlanishlarining amaliy tadbiqlari, fanlarni o‘qitish metodikasini takomillashtirish borasidagi tajribali maktab o‘qituvchilarining taklif va tavsiyalarini umumlashtirish, umumta’lim fanlarini o‘qitishda innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, internet global tarmog‘idan foydalanish madaniyatini keng muhokama qilish va uzluksiz ta’lim tizimi bo‘g‘inlarida uzviylikni takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.

Anjuman davomida ta’lim sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha pedagog-xodimlar oldiga kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarni qo‘yilishi mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlangan davlatlar ta’lim tizimi darajasiga tenglashtirish borasida (Dunyoda o‘quvchilarning matematik va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholash xalqaro PISA, TIMSS dasturlari doirasida) olib borilayotgan pedagogik faoliyatimizda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan unumli foydalanish sifat va samaradorligi ustida ishlashimizni hamda bu sohada bilim, ko‘nikma va malakalarimizni uzluksiz takomillashtirib borishimiz bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Anjuman ishtirokchilari tomonidan o‘qituvchilarning darslarga ijodkorlik bilan yondashishini ta’minlash, ta’lim-tarbiya berish jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni yo‘lga qo‘yish maqsadida taklif etilgan ilmiy-metodik ishlarning uslubiy qo‘llanmalari va multimediali ishlanmalarini umumta’lim muassasalariga yetkazib berilishi va ommalashtirilishi kelishib olindi.