Tilga e’tibor – elga e’tibor

21-oktyabr o’zbek xalqining tarixida unutilmas sana hisoblanib, bu sanada o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan. Bu qutlug’ sanaga bag’ishlangan bayram tadbirlari respublikamizning turli ta`lim muassasalarida o’zgacha shukuh bilan tantana qilinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri “Tilga e’tibor – elga e’tibor” mavzusida 2017-yilning 20-oktyabr sanasida institutda ko’tarinki ruhda bo’lib o’tdi.

Tadbir Davlatimiz Madhiyasi bilan boshlandi. So’ngra ona tilimizning betakror jozibasini ko’rsatuvchi slaydlar namoyishi tadbir ishtirokchilari e`tiboriga havola qilindi. Ma`naviy-ma`rifiy, ilmiy ishlar bo’yicha prorektor Pulotov Abdurayim Murodovich tilimizning boyligi, uning imkoniyatlari, o’tmish va buguni haqida so’zlab, yig`ilganlarni ulug’ bayram bilan tabrikladi. Ona tilimizning o’tmishi va buguni haqida, o’zbek tilining juda boy va serjilo til ekanligi haqida institutimizning “Til va adabiyot talimi” kafedrasi katta o’qituvchisi Saodat Azizova to’lqinlanib so’zladi.

Tadbirda “Til va adabiyot talimi” kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan tayyorlangan ona tiliga bag’ishlangan she’rlar, alyorlar, allalar, dilrabo qo’shiqlar ijro etildi. Ushbu tadbir barcha yig’ilganlarda katta taassurot qoldirdi.